Margʻilondagi ijodkorlar bogʻiga bir keling

Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Margʻilon shahridagi ijodkorlar bogʻi va Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilgan ezgu ishlar xalqimizning ardoqli shoiriga yuksak ehtiromi ifodasi boʻldi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida Fargʻona viloyatida ham barcha sohalarda hayotbaxsh islohotlar amalga oshirilmoqda. Fargʻonaliklar qalbga rohat va huzur bagʻishlovchi bu oʻzgarishlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bogʻlaydi. Boisi, davlatimiz rahbari har gal viloyatga tashrifi chogʻida fargʻonaliklarni yurt ravnaqi yoʻlida faol va fidoyi boʻlishga undab, oʻnlab istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilishiga ragʻbatlantiradi.

Binobarin, bugungi kunda dilbar Fargʻonaning nafaqat koʻrku jamoli, balki viloyat ahlining hayotga munosabati oʻzgarib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda. Ayni jarayonda viloyatning bosh kentlari boʻlmish Fargʻona, Qoʻqon va Margʻilon shaharlaridagi yangilanishlar eʼtiborga sazovor.

photo5420219303187295556.jpg

Koʻhna va hamisha navqiron Margʻilonning tor va diqqinafas koʻcha-yoʻllari, tartibsiz bogʻlaru nurab yotgan xizmat koʻrsatish shoxobchalari oʻrnida qad rostlagan muhtasham ijodkorlar bogʻi mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ana shunday ezgu tashabbuslarning yana bir amaliy tantanasi boʻldi. Bugungi kunda bu bogʻ nafaqat viloyat ahli, butun Fargʻona vodiysi yoki mamlakatimizning turli hududlaridan keladigan mehmonlar, balki xorijlik sayohlar uchun ham suyukli maskanga aylandi.

Bogʻ atrofidagi eski, chordevor uylar oʻrnida zamonaviy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ijodkorlar bogʻiga tashrif buyuruvchilar xuddi ona tabiat qoʻynida yurgandek emin-erkin, yayrab nafas olmoqda. Shu maʼnoda, Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bogʻi ruhiyatni, pokiza va bokira tuygʻularni tarbiyalovchi maʼnaviyat va maʼrifat markazi sifatida namoyon boʻladi.

Ayniqsa, soʻnggi uch yilda Fargʻona viloyatida ham bemisl oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlari bajarildi va tizimli davom ettirilmoqda. Odamlarning turmush darajasini yanada yaxshilash, farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Viloyatda 2019-2020-yillarda qiymati 40,4 trillion soʻm boʻlgan 624 yirik va oʻrta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi belgilangan boʻlib, ular negizida salkam 50 mingga yaqin ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Bugun nafaqat sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida, balki ijtimoiy-madaniy sohalarda ham olamshumul yangilanishlar roʻy bermoqdaki, u yurtdoshlarimiz qalbida gʻurur-iftixor tuygʻularini yuksaltirmoqda.

photo5420219303187295557.jpg

2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi bogʻning qurilish jarayoni bilan tanishib, amaliy tavsiyalar bergan edi. “Qahramon shoirimiz nomi bilan ataladigan ushbu bogʻ har tomonlama mukammal boʻlishi, uni yoshlar maʼnaviyatini yuksaltiradigan maskanga aylantirish, xiyobonga Erkin Vohidovning eng sara sheʼrlaridan namunalar yozilgan lavhalar oʻrnatish zarur. Bu yerga keluvchilar Erkin Vohidov sheʼrlaridan bahramand boʻlib, maʼnaviy olamini yanada boyitib olsin” deb taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida bu yerda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda zamonaviy va koʻrkam ijodkorlar bogʻi shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda. Mazkur majmua tom maʼnoda sanʼat va maʼnaviyat oshiyoni, isteʼdodli yoshlar kamol topuvchi ziyo maskani sifatida yangitdan barpo etildi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovga yuksak ehtirom sifatida uning haykali oʻrnatilib, adib nomidagi ijtimoiy fanlar yoʻnalishidagi isteʼdodli yoshlar maktab-internati, Erkin Vohidov memorial muzeyi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi binosi va boshqa koʻplab inshootlar qad rostladi. Ijodkorlar bogʻiga qadam qoʻyar ekansiz, shoirning dilga yaqin sheʼr va gʻazallari yangrab, sizni beixtiyor adabiyot boʻstoniga chorlaydi.

photo5420219303187295558.jpg

– Davlatimiz rahbari 2018-yil 12-13-iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida ijodkorlar bogʻida ham boʻldi, – deydi Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova. – Bu biz, ijodkorlar uchun unutilmas voqeaga aylandi. Bugun ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning yanada samarali ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganining oʻzi ham yuksak eʼti

bor namunasidir. Chunonchi, Yozuvchilar uyushmasiga poytaxtimizning gʻoyat xushmanzara maskanidan bino qurib berilishi, ijodkorlarni uy-joy bilan taʼminlash borasida qilinayotgan ishlar, mashhur shoir-adiblar nomidagi ijod maktablari, eh-he, bularning sanab adogʻiga yetish qiyin. Margʻilondagi ijodkorlar bogʻi ham xalqimizning, viloyatga tashrif buyuruvchi mehmonlarning qutlugʻ ziyorat joyiga aylandi.

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov milliy maʼnaviyatimizning fidoyisi sifatida yuksak qadrlanadi. Uning ibratli hayoti, betakror ijodi milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivoji, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

photo5420219303187295559.jpg

Yurtimizda inson qalbining nozik tuygʻularini, xalqimizga xos oriyat va gʻururni, ozodlik va istiqlolni yuksak mahorat bilan kuylagan ulkan shoir kitoblari kirib bormagan xonadon boʻlmasa kerak. Zero, u oʻzlikni anglash, milliy gʻurur tuygʻularini yuksak pardalarda tarannum etadi, har birimizni tinchlik-xotirjamlikni qadrlashga, chin insoniy fazilatlar sohibi boʻlishga undaydi.

“Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirgʻoq”, “Kuy avjida uzilmasin tor”, “Yaxshidir achchiq haqiqat” kabi toʻplamlaridan joy olgan sheʼrlarida, “Ruhlar isyoni”, “Istanbul fojiasi” kabi asarlaridagi har bir soʻz, har bir satrda insoniyat qismatidan bezovta qalb kechinmalari, zamon taqdiriga javobgarlik tuygʻusi bilan urayotgan yurak hayajoni lovullab aks etadi. “Inson”, “Sirdaryo oʻlani”, “Arslon oʻynatuvchi” kabi doston va sheʼrlari milliy sheʼriyatimizning gʻoyat nodir namunalaridan, desak, aslo mubolagʻa emas.

Shoirning istiqlol yillaridagi ijodi milliy qadriyatlarni tiklash, oʻzlikka qaytishdek mashaqqatli yoʻlning bagʻoyat sharafli ekanini tasdiqlaydi.

photo5420219303187295560.jpg
Erkin Vohidov memorial muzeyi oʻzbek sheʼriyatining ramzi sifatida ham qadrli. Bu yerda adib va uning zamondoshlariga mansub 800 dan ortiq kitob va 400 dan ortiq eksponat bor.
Muzeyning asosiy kirish qismiga xivalik ustalar tomonidan shoir tavalludining 70 yilligiga sovgʻa qilingan Erkin Vohidov portreti tushirilgan gilam joylashtirildi. Undan soʻng adibning 1960-2010-yillarda nashr etilgan asarlarini koʻrish mumkin. Shoir taxminan 7 yoshidan ijod qilishni boshlagan boʻlsa, muzey xodimlari adibning barcha davrdagi asarlari, uy anjomlari, turli yillarda chizilgan portretlari kolleksiyasini bir yerda jamlashgan. Koʻplab eksponatlar orasida shoirning sevimli shaxmat doskasi alohida oʻrin egallaydi. Hatto shoirning 1978-yilda chop etilgan “Muhabbat” sheʼriy toʻplamining qalam haqiga sotib olingan “GAZ-24” rusumli avtomobili fotosurati ham bor. Muzeyning butun ekspozitsiyasi ijodkor hayotining eng yorqin lahzalarini oʻzida qamrab olgan. Ularning aksariyati shoirning oila aʼzolari tomonidan tuhfa qilingan.Majmuada Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni kunlarda bu yerda adabiyotga mehr qoʻygan 164 nafar isteʼdodli oʻquvchi tahsil olayotir. Sinf xonalari zamonaviy oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan. Har bir fan xonasida video proyektr, kompyuter jamlanmasi mavjud. Zamon talabidan kelib chiqib tashkil etilgan ijodiy innovatsiya, mahorat xonasi, Erkin Vohidov galereyasi, 320 oʻrinli faollar zali, 80 oʻrinli oʻquvchilar yotoqxonasi, ilhom ayvoni bugun shunday ijod maktablari oldiga qoʻyilgan ezgu maqsad va vazifalarning samarali ado etilishi uchun xizmat qiladi. Oʻquvchilar mamlakat miqyosida oʻtkazilayotgan koʻplab koʻrik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. 10-sinf oʻquvchilari Hojimurod Qoʻziboyev, Muattar Mamatkarimova maktabda taʼsis etilgan Erkin Vohidov nomidagi stipendiya sohiblaridir.

photo5420256458949373201.jpg

Shuningdek, bu yerdan Nuroniylar maskani, tadbirlar oʻtkaziladigan 1600 oʻrinli amfiteatr va milliy ayvon, osh markazi oʻrin olgan. Musiqali favvora, zamonaviy attraksionlar aholi xizmatida.

Yurtimizning barcha hududlarida qad rostlayotgan bu kabi maskanlar, inshootlar obodlik va farovonlik timsoli sifatida barchamizga gʻurur-iftixor bagʻishlab, kelajak avlodning har tomonlama barkamol ulgʻayishiga xizmat qilaveradi.

Fikr bildirish